“Paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–370-son, 09.12.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar 2026-yil uchun asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar etib belgilandi, jumladan:
zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish natijasida hosildorlikni paxtachilikda 50 sentnerdan oshirish, g‘allachilikda 100 sentnerga yetkazish;
ilm-fan yutuqlari va ustoz-shogird an’analariga asoslangan yangi tizimni joriy etish orqali paxtachilikda hosildorlikni oshirish.
2026-yil hosilidan boshlab:
tuproqning 1 bonitet baliga nisbatan normativ hosildorlikka (sentner/gektar) 0,7 koeffitsiyentni qo‘llagan holda paxta xomashyosini yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bunda:
imtiyozli kreditlarning 0,6 koeffitsiyentdan oshgan qismi uchun likvidli garov ta’minoti taqdim etiladi;
paxta yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, plyonka va tomizg‘ichli shlanglarni xarid qilish xarajatlari imtiyozli kreditlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda:
imtiyozli kreditlar tijorat banklari orqali har yili yanvar – avgust oylarida ajratiladi;
yil davomida imtiyozli kredit limitining 50 foizgacha qismidan foydalangan paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga belgilangan tartibda sotilgan paxta qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya ajratish tizimi joriy qilinadi.