2025-yil 12-mart kuni Xo‘jayli tumanida “Dala chetlariga, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga eksportbop ekinlarni ekish va parvarishlash agrotexnologiyalari” mavzusida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Seminar Qoraqalpog’iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A.Koziyev, O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I.Ergashev, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Qoraqalpog’iston Respublikasi agroxizmatlar markazi mutaxassislari, Qoraqalpog’istondagi ilmiy-tadqiqot institutlari direktor va olimlari, Xo‘jayli tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimlari, tumandagi klaster va fermer xo‘jaligi rahbarlari ishtirokida o‘tkazildi.
Seminarni dastlab, Vazir o‘rinbosari A.Koziyev va Agentlik direktori I.Ergashev ochib berib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-465-sonli Qarorining mazmun-mohiyati, tegishli imtiyozlar va belgilangan vazifalar ta’kidlab o‘tildi.
Seminar davomida Ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari va QR AKIS markazi mutaxassislari tomonidan fermerlarga daladagi asosiy ekin turiga qarab dala chetiga ekinlarni tanlash, ekish va yetishtirish agrotexnologiyalari, yuqori hosildor, eksportbop meva ko‘chatlarini parvarishlash tartiblari va usullari bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida QR AKIS markazining Ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda sabzavot, poliz, don va dukkakli ekinlar, mevali daraxtlarni ekish va parvarishlash agrotexnologiyalari” mavzusidagi tavsiyanomalari fermerlarga tarqatildi.