Qudratli mamlakatimizning bepoyon kengliklari, go‘zal tabiati, purviqor tog‘lariyu jannatmonand bog‘lari, ko‘hna daryolariyu oydin ko‘llari, ko‘kka bo‘y cho‘zgan shaharlariyu chiroy ochgan qishloqlari, buyuk ajdodlarimizning barhayot siymolari va ularga munosib avlodlarning azmu shijoatga to‘la nigohlari, bag‘rikeng, mehmondo‘st xalqimizning yuksak bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyati, buguni va ertasi, sarhadlarda sergak turgan tinchlik posbonlariyu baxtli hayotdan masrur o‘g‘il-qizlarning shodon kulgulari, mustaqil Vatanimizning shonu shuhrati...
Har tong davlatimiz madhiyasi sadolari ostida yangi kunni kutib olar ekanmiz, ko‘z oldimizda ana shu manzara namoyon bo‘ladi. Uning har bir chuqur ma’noga ega satri, mardonavor va sohir ohangi bizni sehrlab qo‘yadi, qalbimizda Vatanimizdan faxrlanish, bugunimizdan shukronalik va ertamizga ulkan ishonch hissini jo‘sh urdiradi.
Davlat ramzlari mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi, xalqimizning sha’nu shavkati, g‘ururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va orzu-umidlarini o‘zida mujassam etuvchi muqaddas timsollardir.
Shu bois Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mustaqillikning ilk kunlaridan xalqimizning ozodlik, hurlik singari eng buyuk orzu-intilishlarini, ma’naviy qadriyatlarini ifodalovchi, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yurtga sadoqat, bunyodkorlik va yaratuvchanlikka undovchi Bosh qo‘shiqni qabul qilishga asosiy e’tibor qaratildi.
1992-yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.
Mazkur qonunda belgilanganidek, madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi, unga zo‘r ehtirom bilan qarash har bir fuqaroning vatanparvarlik burchidir. 2010-yil 24-dekabrda mazkur qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, fuqarolarimiz, shuningdek, mamlakatimizda bo‘lib turgan boshqa shaxslar madhiyamizni hurmat qilishi shart.
Milliy madhiyamiz muazzam sadolari davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, O‘zbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yurtimizda o‘tayotgan umumxalq bayramlarida, yirik xalqaro anjumanlar, tinchlik va do‘stlik kelishuvlarida, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda eng baland shohsupaga ko‘tarilgan paytida baralla yangramoqda.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she’ri, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamizda musaffo osmonimiz, baxtli va farovon hayotimiz, xalqimizning asriy orzulari, kelajakka yorug‘ umidi va mustahkam ishonchi teran ifodalangan.
Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!